Oʻzbekistonda joriy yilning iyun-iyul oylarida pomidor (-64,3 foiz), banan (-31,9 foiz) va bodring (-31,1 foiz) mahsulotlarining narxi arzonlashdi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) xabar berdi.
Qayd etilishicha, MHTI mutaxassislari tomonidan Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oʻzgarishi koʻrib chiqildi.
Monitoring natijalari 12 xil mahsulot boʻyicha minimal narxlar oʻtgan oydagiga nisbatan pasayganini koʻrsatdi. 9 nomdagi mahsulotning eng past narxi oʻzgarishsiz qolgan. Guruch, bugʻdoy uni, shakar shular jumlasidan.
Ma’lumot uchun, tahlil 13-iyun va 11-iyul kunlari oʻtkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida qilindi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda meva-sabzavot narxining pasayishi fonida deflyatsiya qayd etilgani haqida xabar bergan edi.