Yangiliklar

OKMKda oltin va kumush granula shaklida ham ishlab chiqariladi

Ushbu mahsulotga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham talab yuqori.
Foto: Agmk.uz

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK)da yaqinda zargarlik sanoati uchun ahamiyatli bo‘lgan yangi loyiha ishga tushirildi. Bu haqda OKMK axborot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, zargarlik korxonalari kombinatdan 5, 10, 20 va 50 gramm vazndagi, sofligi 999,9 bo‘lgan oltin quymalarni ham xarid qilishar edi. Ushbu yangi loyiha orqali esa oltin va kumush granula shaklida ham ishlab chiqariladi. Bu shakldagi oltin tibbiyot, radioelektronika, mikroelektronikada, kimyo sanoatida va o‘lchov asboblarini ishlab chiqarishda keng foydalaniladi.

OKMKning 75 yilligi oldidan loyiha asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz zargarlarga bir qator qulayliklar yaratadi, – deydi Mis eritish zavodi Oltin va kumushni affinajlash sexi boshlig‘i Bahrom Asqarov. – Jumladan, oltin, kumush va mis kabi qimmatbaho metallarning granulalarini ishlab chiqarish uchun Italiya davlatidan zarur bo‘lgan texnologik uskuna olib kelindi. O‘lchovli tilla quymalari 50 grammdan 1000 grammgacha bo‘lib, uni qayta ishlash jarayonida zargarlarga biroz noqulaylik tug‘dirardi. 

Foto: Agmk.uz

Ularni qayta eritish, mayda zarralarga bo‘lib olishda zargarlarda yo‘qotishlar va oshiqcha xarajatlar bo‘lar edi. Biz taklif etayotgan tilla va kumush granulalari zargarlarga mahsulot tannarxini tushirishda, mahsulot sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi zargarlik sanoatida yetakchi ishlab chiqaruvchilarning asosiy talabi ham oltinning granula shaklida bo‘lishidir.

Shu bilan birga, kombinatda misning ham granula shaklida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Kombinat talab va takliflarni o‘rganib, boshqa rangli metallarni ham granula shaklida ishlab chiqarishni reja qilgan. Ichki va tashqi bozorda birdek talabgir bo‘lgan ushbu mahsulotning narxi OKMK bilan hisob-kitoblar to‘lov kunidagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi hamda Markaziy bank kursiga qarab belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OKMK mahsulotlari eksporti 21 foizga kamaytirgani haqida xabar bergan edik.