Yangiliklar

«Uzkarlsberg» shikoyatlaridan so‘ng «Toshkent shahar suv ta’minoti»ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Bunga «Uzcarlsberg» MCHJ ga 75 mln zarar yetkazganligi sabab bo‘lgan

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJga nisbatan ham ish qo‘zg‘adi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, holat «Uzcarlsberg» MCHJning AJ xizmatidan shikoyati asosida o‘rganilgan. Murojaatni o‘rganish davomida «Toshkent shahar suv ta’minoti» va MCHJ o‘rtasida «Chiqindi suvlarni shahar kanalizatsiyasiga chiqarish to‘g‘risida»gi kommunal-ekologik normativ hujjat rasmiylashtirilgani aniqlangan. Hujjatga ko‘ra, «Uzcarlsberg» chiqindi suvni 68% koeffitsient hajmdagina shahar kanalizatsiyasiga chiqarishi belgilab berilgan. Ammo «Toshkent shahar suv ta’minoti» 76 % koeffitsient qo‘llaganligi bois MCHJ 75 mln so‘m zarar qilgan.

Shunga ko‘ra, qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi «Toshkent shahar suv ta’minoti»ga nisbatan «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonuning 16-moddasi talablarini buzganlik alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘agan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita tomonidan «Ipoteka-bank», «Korzinka» va boshqa bir qator korxonalarga nisbatan ish ochilgani haqida yozgan edik.