Samarqandda eng yirik logistika markazi ochiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ochilish 2025-yilning ikkinchi choragida rejalashtirilgan
Rasm: Marakand Logair

Samarqand viloyatida «Logopark Samarkand» deb nomlangan eng yirik multimodal transport-logistika markazi paydo bo‘ladi. Bu haqda «Kursiv»ga loyihani amalga oshirayotgan «Marakand Logair» kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ochilish 2025-yilning ikkinchi choragida rejalashtirilgan. Logistika markazi qurilishi joriy yilning fevral oyida boshlangan. Majmua maydoni 40 ming kv.metrdan ortiq boʻladi. Mahalliy va xalqaro e-commerce, ishlab chiqarish va logistika kompaniyalarning mahsulotlarini joylashtirish va saqlash uchun barpo etilmoqda.

«Samarqand viloyatida ham ichki, ham xalqaro tovar ayirboshlashning dinamik oʻsish sur’atlarini hisobga olgan holda, zamonaviy ombor maydonlariga boʻlgan talablar toʻliq qondirilmagan. Biz mijozlarimizga bojxona tekshiruvidan oʻtmasdan import mahsulotlarini uzoq muddat davomida saqlash uchun quruq, sovuq, shuningdek, bond (bojxona) omborlarini taklif qilishga tayyormiz», deydi «Marakand Logair» bosh direktori Ikrom Yadgarov.

Kompaniya omborxona faoliyatini tashkil etish va ijara boʻyicha shartnomalarni tuzishni boshladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda omborxonalarni ijara narxi qimmatlashganini e’lon qilgan edi.

Shuningdek