Yangiliklar

Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda

U 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritadi
Foto: Pixabay.com

Joriy yilda O‘zbekiston poytaxtida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ma’lum boʻldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidentining o‘tgan yili sentabr oyida AQSHga tashrifi doirasida ta’lim tizimi bo‘yicha ham kelishuvlar amalga oshirilgan. Shunga ko‘ra, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilmoqda. U 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritadi. Ushbu universitet muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalarini qamrab oladi. Universitet bitiruvchilariga Arizona davlat universiteti yoki AQSHda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi taqdim etiladi.

Yigʻilishda boshqa masalalar ham muhokama qilindi. O‘zbekistonda bu yil bakalavriatda va magistraturada muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlar qamrovi kengaytirilmoqda. To‘lov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarining salohiyatiga qarab belgilanmoqda.

Shuningdek, prezident korxona, tarmoq va oliy ta’lim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, tizimda ilg‘or va raqobatdosh kadrlar tayyorlash lozimligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiqda Muxtor Avezov universiteti filiali ochilishi haqida xabar bergan edik.