«Specialty Coffee Alliance» asoschisi Nazir Sidikxodjayev oʻzining qavha biznesidagi koʻp yillik tajribasini «Kursiv» nashri bilan oʻrtoqlashdi. Ushbu maqolada qahramonimiz qahvaxona biznesini qanday boshlash, qanday qiyinchiliklar bo‘lishi va qahvaxona biznesi qancha daromad olib kelishi haqida batafsil so‘zlab berdi.
Hammasi qanday boshlangan
Hozir men 35 yoshdaman, shundan 14 yilini qahva bilan shugʻullanib kelmoqdaman. Oʻzim haqimda qisqacha gapiradigan boʻlsam, koʻp zahmat chekishga toʻgʻri kelgan. Shu kungacha men odamlarga qahva taqdim qilinayotganidek emas, butunlay boshqacha boʻlishi mumkinligini tushuntirishga harakat qilib kelaman.
Ish faoliyatimni BookCafeʼda barista sifatida boshlaganman. 2014-yildan 2018-yilgacha Italiya qahva va qahva mashinalarini import qiluvchi kompaniyada yollanma direktor boʻlib faoliyat yuritganman.
Hayotimda shunday davr boʻldiki, jarayonlar zerikarli boʻla boshladi, birinchi hayotiy inqirozlar boshlandi. Shunday paytda siz aniq nimani xohlayotganingiz, keyin nima qilish kerakligini va qaysi yoʻnalishda rivojlanishni tushunmay qolasiz. Keyin men bir-ikki oy dam oldim va hamma narsani oʻylay boshladim. Mening oʻylarim oʻz biznesimga birinchi qadamni qoʻyishga olib keldi. Men oʻzimning qahva va qahva mashinalar doʻkonim va barista kurslarini ochdim. Oʻsha paytda u Markaz 1-dahasida joylashgan edi.
Shuningdek, parallel ravishda birinchi ishimdagi ustozlarim bilan maxsus qahva qovurish sexini ochdik. 2015-yildan buyon kompaniyamiz Oʻzbekistonga professional Nuova Simonelli va Victoria Arduino qahva mashinalarini import va sotish bilan shugʻullanib, minglab mashinalarni bozorga chiqardi.
2018-yildan beri esa Evos, Sofia, Baskin Robbins va boshqalarga brendlarga ishonchli va yuqori sifatli ekanini isbotlagan WMF super avtomatik qahva mashinalarini yetkazib bermoqdamiz.
2018-yilda hamkorlarim bilan Markaz 1-dahasida «Specialty Coffee Alliance» deb nomlangan qahva qovurish sexi hamda qahva donalari va qahva mashinalarining kichik doʻkonini ochdik. Kofe doʻkoni nomini «maxsus» degan ma’nosini anglatuvchi «Speciality» deb nomladik. Oʻsha yilning o‘zida «Arabica Specialty Coffee» deb nomlangan qahvaxona ochdik. O‘sha paytda qahvaxonani ishga tushirish uchun taxminan $12 ming kerak boʻldi.
Ish faoliyatimizning boshida moliyaviy muammolarga duch keldik. Dastlab birinchi savdo shoxobchasini ishga tushirish va uni bir oy davomida moliyalashtirish, bunda xodimlarning maoshi, ijara haqi va soliqlar rejalashtirilgan edi. Lekin biz xato qilganimizni kech anglab yetdik, birinchi foydani faqatgina toʻrt oydan keyin oldik. Jarayonni qandaydir tarzda qoʻllab-quvvatlash va toʻxtamaslik uchun doʻstlardan qarz olishga majbur boʻldim.
Maslahat: agar siz oʻz muassasangizni ochmoqchi boʻlsangiz, toʻliq foyda olishdan oldin 6 – 10 oy kutishingizni maslahat beraman.
Boshlash uchun nimalar kerak boʻladi
Men quyidagi fikrlarni aytishim mumkin:
- kofe va bar jihozlari (qahva mashinalari, qahva maydalagichlar, muzlatkich, sovitkich, blender);
- e’tiborni jalb qilish uchun tashqi reklama;
- mebel;
- kassa apparati yoki dasturiy ta’minot bilan kompyuter.
Bularning barchasi bugungi kunda, agar kerak boʻlsa, ta’mirlash uchun materiallarga qarab, $15 – 25 minggacha boʻlishi mumkin. Mabodo tayyor ta’mirga ega boʻlgan joyni topsangiz, unda kamroq xarajat (7 – 10 ming orasida) ketadi. Shuningdek, siz oyiga 1,5 million soʻm evaziga ijaraga beriladigan qahva uskunalarini topishingiz mumkin, lekin odatda ular oʻn yil va undan koʻproq eski modellarni ijaraga beradi.
Oʻz tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bitta tarmoqda ta’mirlashda ozgina kosmetik ishlarni qilganmiz, lekin biz boshqa tarmoqni noldan qurganmiz. Toʻliq ta’mirlash uchun taxminan $4 ming sarflabgan.
Yana bir bor soliq hisobi bilan chalgʻimaslik va buxgalterlar xizmatiga pul sarflamaslik uchun tadbirkorlik istagida boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtishni va qat’iy belgilangan soliq asosida ishlashni tavsiya qilaman.
Toʻgʻri joyni qanday tanlash kerak
Qahvaxona uchun joy tanlashda bir qancha muhim omillar mavjud. Birinchisi odamlar qatnovi. Albatta, joylashuvning barcha jihatlarini hisobga olish muhimdir. Masalan, avtoturargohning mavjudligi mijozlarning qulayligi uchun muhimdir.
Ikkinchidan, biznesni osonlashtirish uchun siz munosib ijarachiga murojaat qilishingiz kerak, aks holda bu qoʻshimcha bosh ogʻrigʻiga aylanishi mumkin.
Uchinchisi men uchun eng muhim omil bu — omad, chunki shaxsiy tajribamdan shuni aytishim mumkinki, biz uchta muvaffaqiyatsiz loyihani boshdan kechirdik.
Qanday chalgʻishlar boʻlishi mumkin:
joylashuv yaqinidagi odamlarning xarid qobiliyatini notoʻgʻri hisoblash;
ijarachi ijara haqini istalgan vaqtda, ba‘zan esa ikki baravar oshirishi mumkin.
Qahvaxonadan qancha daromad qoladi
Bu biznes yil fasllariga bogʻliq. Bundan tashqari, savdoga Ramazon va chilla kuchli ta’sir koʻrsatadi. Bizning eng daromadli paytimiz — kuz–bahor, chunki koʻchada koʻproq odamlar boʻladi va ob-havo shahar boʻylab qahva bilan yurishga imkon beradi.
Bitta qahvaxonadan 5 million soʻmdan 25 million soʻmgacha daromad qoladi. Olingan mablagʻni muassasamizni yaxshilash uchun ishlatamiz. Biz doimo suv filtrlash sifatini va uskunaning xizmat koʻrsatish qobiliyatini nazorat qilamiz.
Qahvaxonada hisobot qanday olib boriladi
Biz «Moy sklad» dasturi orqali hisobotni olib boramiz. Bizning vazifamiz har bir ichimlikning narxi va formulasi bilan qahvaxona uchun mahsulot xaridlarining toʻliq roʻyxatini kiritishdir. Tizimning oʻzi xarajatlarni hisoblab chiqadi. Har bir savdoni amalga oshirayotganda, tizimning oʻzi darhol «sklad»dagi qoldiqni hisoblab chiqadi. Shuningdek, oy oxirida siz sof foydani bilib olishingiz, toʻgʻri balanslarni olishingiz va aylanma haqida toʻliq ma’lumot olishingiz mumkin.
Hozirgi kunda qahvaxona ochish
Biz yaqinda Mirobod bozori yaqinida toʻrtinchi tarmogʻimizni ochdik. Qahvaxona ertalab soat 8 dan kechki 7 gacha ishlaydi. Bu yerda siz qahva olib ketishingiz yoki oʻzimizning qovurilgan qahva donimizni yoki import qilingan donlarni sotib olishingiz va tayyorlash uslubingizga mos ravishda maydalashingiz mumkin.
Qolgan uchta tarmogʻimiz — markaz 5-dahasida, 5-stomatologiya, (Mirobod bozori yonida) va Sarakul koʻchasida joylashgan. Ular kecha-yu kunduz ishlaydi.
Bizning qahva doʻkonimiz dunyodagi eng ilgʻor kofe doʻkonlarida boʻlgani kabi faqat qoʻsh espresso bilan tayyorlanadi, Q-grader (don baholovchisi) tomonidan kofe navlari 80+ dan yuqori baholanadi.
Bizning oʻziga xos xususiyatimiz mavsumga qarab oʻzgarib turadigan stakanlarga qiziqarli, motivatsion stikerlardir.
Ta’lim
Men oʻzim qahvaning ashaddiy muxlisiman, doimiy ravishda «Specialty Coffee Association» kabi xalqaro kurslarda malaka oshiraman. Shuningdek, hakamman, ya’ni Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan chempionatlar va qahva musobaqalarida qahva ta’mlariga baho beraman.
Kompaniyamiz har doim bunday tadbirlarning tashkilotchisi yoki homiysi sifatida ishtirok etadi. Shuningdek, biz oʻzimiz qahva qovuramiz, shuning uchun bizda yetkazib beruvchilar yoʻq. Shu sababli bizning tarmogʻimizda qovurilganiga 5 kundan 30 kungacha boʻlgan qahva ishlatiladi.
Kelajak uchun maqsadlar
Asosiy maqsad — baristalar ishining sifatini rivojlantirish. Biz oʻzbek qahva mutaxassislariga xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga yordam beradigan qahva yoʻnalishlari boʻyicha toʻlaqonli chempionatlarni oʻtkazishga intilamiz.
Mening qahvaxonalarim odamlarga ijobiy his-tuygʻularni olib kelishini va qahva ishqibozlari uchun eng yaxshisi, balki eng sevimlisiga aylanishini chin dildan istayman.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda gul doʻkonini ochish haqida maqola tayyorlagan edi.