Cobalt qolmadi, 26,7 ming avtomobil sotildi
«UzAuto Motors» elektron savdo maydonchasida Cobalt rusumli avtomobillar qolmadi. Jami 26,7 mingta avtomobil sotildi, deya xabar beradi kompaniya.
«26 603 ta tuzilgan shartnomalar One ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va 1 ta dan ko‘p bo‘lmagan avtomobil uchun shartnoma tuzgan jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi. 97 ta shartnoma yuridik shaxslar ulushiga to‘g‘ri keldi», deyiladi xabarda.
Bugun, 17-iyul kuni kompaniya minglab avtomobillarni savdo.uzavtosanoat.uz saytida soat 10:00 da kontraktatsiyaga qo‘ydi. Tushgacha Gx – Optima At – Plus konfiguratsiyasi (narxi 146,5 million so‘m) bo‘yicha shartnomalar yakunlandi. Qimmatroq Gx – Style At – Plus to‘plami (147,9 million so‘m) tushdan keyin yakunlandi.
Eslatib oʻtamiz, «UzAuto Motors» kompaniyasi ilgari xarid qilinmagan avtomobillarni kontraktatsiyaga qayta qo‘yadi. So‘nggi marta sotuv jarayoni 5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan.