Jahon bozorida oltinning rekord narxi Oʻzbekistonga ham oʻz ta’sirini oʻtkazdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Yil boshiga nisbatan oltin quymalari narxlari 21,5 foizga qimmatladi
Foto: bashta / Depositphotos

Oʻzbekiston Markaziy banki oltin quymalari va qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalari narxi yana oshdi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

17-iyul holatiga koʻra, ogʻirligi 5 gramm boʻlgan oltin quymalari narxi 5 mln 150 ming soʻmga baholanmoqda. Taqqoslash uchun 16-iyul kuni 5 grammlik oltin quymasining narxi 5 mln 65 ming soʻm edi.

Shuningdek, boshqa ogʻirlikdagi qimmatbaho metallning narxi ham oshdi. Oʻn grammlik oltin quymalarining narxi 10 mln 300 ming soʻmga, 20 va 50 grammlik quymalar mos ravishda 20 mln 599 ming va 51 mln 498 ming soʻmni tashkil qildi.

Yil boshiga nisbatan oltin quymalari narxlari 21,5 foizga qimmatlagan boʻlsa, hafta boshiga nisbatdan 2 foizga oshdi.

Bu o‘sishni jahon bozoridagi narxlarning oshishi bilan izohlash mumkin. Avgust oyi uchun Comex tovar birjasida oltin fyucherslari 16-iyulda bir troya unsiyasi uchun $2470,20 gacha ko‘tarildi. Avvalgi rekord narx 20-may kuni o‘rnatilgan edi – $2454,2. Eslatib o‘tamiz, oltin narxi aprel oyida birinchi marta unsiya uchun $2400 chegarasidan o‘tgan edi.

Bloomberg agentligiga ko‘ra, oltin narxi AQSh Federal zaxira tizimi tomonidan stavkaning pasaytirilishi kutilayotgani va treyderlarning Donald Trampning AQSh saylovlarida g‘alaba qozonishi haqidagi umidlari kuchayishi fonida yangi rekord darajaga ko‘tarildi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyun oyida $293,7 mlnga kamaygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek