Yangiliklar

Qurilish vaziri sogʻligʻidagi muammo tufayli lavozimidan ozod etildi

Bu haqda prezident raisligidagi yigʻilishda ma’lum qilindi
Botir Zokirov
Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov sogʻligʻidagi muammo tufayli lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident raisligidagi yigʻilishda ma’lum qilindi.

Vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Sherzod Hidoyatov esa vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

U bunga qadar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashkent City Xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi direksiyasiga rahbarlik qilgan.

Ma’lumot uchun, Zokirov 2019-yilning sentabrida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri etib tayinlangan edi.

Shuningdek, yigʻilish qurilish va transport kompleksidagi vazifalar muhokama qilindi. Qurilish sohasi yarim yilda 10 foizga oʻsib, 80 trln soʻmga yetgani ta’kidlandi. Shunga qaramay, xotirjamlikka berilmay, qurilishda tannarxni pasaytirish boʻyicha jiddiy shugʻullanadigan vaqt kelgani aytildi.

Qurilish tannarxi faqat yer va qurilish materiallariga bogʻliq emasligi, texnik talablarni moslashtirish, loyihani kelishish, qurilishga ruxsat olishdagi murakkab tartibotlar ham tannarxga taʼsir qilishi qayd etildi.

Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev 10 nafar hokimni ishdan boʻshatgani haqida xabar bergan edi.