Cobalt, Onix va Tracker endi Qirg‘izistonda ham ishlab chiqariladi
Qirg‘izistonda avtomobil zavodi ishga tushirildi, u Cobalt, Onix va Tracker ishlab chiqaradi. Qo‘shni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«2024-yil 18-iyul kuni Qirg‘izistonning Ak-Suu shahrida yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslarni ishlab chiqaradigan «Tulpar Motors» zavodining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Loyiha «UzAuto Motors» AJ va «SamAvto» MChJ QK tomonidan 2023-yil 27-yanvardagi Qirg‘iziston Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq amalga oshirildi. «DT-Texnik» MChJ Qirg‘iziston tomondan hamkor sifatida ishtirok etdi», deya yozadi UzAuto Motors
Shuni ta’kidlash joizki, zavod 4,7 gektar maydonni egallaydi, shundan 2,8 gektar maydon SKD ishlab chiqarish uchastkalari uchun ajratilgan.
– Birinchi bosqichda yiliga 10 ming dona avtomobil texnikasini ishlab chiqarish, kelgusida esa 30 minggacha kengaytirish rejalashtirilgan, – deydi «UzAuto Motors AJ» bosh direktori Bo Andersson.
«Tulpar Motors» kompaniyasi Cobalt, Onix va Tracker’dan tashqari Damas va Labo’ni ham ishlab chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini $2 milliardga yetkazishi haqida yozgan edik.