Yangiliklar

O‘zbekistonda sudlangan mansabdor shaxslar soni 34,4 foizga oshdi

Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi
Foto: SergPoznanskiy/Depositphotos

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilning yanvar – iyun oylarida 2,3 mingdan ortiq mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish 34,36 foizni tashkil etdi.

Yetkazilgan zararning umumiy miqdori 1,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 66 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, davlat foydasiga 1,2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi.

Birinchi yarim yil yakunlariga ko‘ra, 1,4 ming nafardan ortiq mansabdor shaxslar mulkni o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan, firibgarlik va poraxo‘rlik uchun esa mos ravishda 191 va 158 nafar mansabdor sudlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekistonda 3,5 mingdan ortiq mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, bu 2022-yilga nisbatan 15 foizga ko‘pdir. O‘tgan yili yetkazilgan zarar miqdori 1,5 trillion so‘mdan oshdi.

Avvalroq «Kursiv» 2023-yilda O‘zbekistonda 380-ta qotillik va suiqasd qayd etilgani haqida yozgan edi.