Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat birinchi xonimlari bilan birgalikda Xiva shahridagi Ichanqal’a majmuasi va Nurillaboy saroy majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy martabali mehmonlar tanishuvni «Ota darvoza»dan boshlab, noyob «Koʻhna ark» majmuasi, Shergʻozixon madrasasi, Juma masjidi, «Toshhovli» majmuasi va boshqa obidalar bilan tanishdi.
Mehmonlar sharafiga oʻzbek xalq qoʻshiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan edi. Mamlakatlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini $2 milliardga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Qirg‘izistonda avtomobil zavodi ishga tushirilishi hamda zavodda Cobalt, Onix va Tracker avtomobillari ishlab chiqarilishi haqida xabar bergan edi.