Yangiliklar

Tal’at Ahunov: Oydagi boyliklar birinchi boʻlganniki bo‘ladi

“Kursiv” muxbiri Oyning ahamiyati haqida “O‘zbekkosmos” vakillari va fizika-matematika fanlari doktori bilan suhbatlashdi
Rasm: aogatm / depositphotos.com

2021-yilda qabul qilingan BMT rezolyutsiyasida Xalqaro Oy kuni 20-iyulda nishonlanishi e’lon qilingan. Shu kuni insoniyat birinchi marta Oyga qadam qoʻydi. Shu sababli «Kursiv» muxbiri Oyning ahamiyati haqida «Oʻzbekkosmos» vakillari va fizika-matematika fanlari doktori, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Fizika fakulteti, «Astronomiya va astrofizika» kafedrasi mudiri Tal’at Ahunov bilan suhbatlashdi.

Xalqaro Oy kuni ahamiyati

20-iyul kuni koʻproq siyosiy ahamiyatga ega — deydi Tal’at Ahunov. Professor fikriga koʻra, Oyning aynan astronomiya nuqtai nazaridan ahamiyati qolmagan. Endi uni texnologik nuqtai nazaridan oʻzlashtirish kerak. E’tibor aynan shu yoʻnalishga qaratilgan.

«Oyning oʻziga kelsak, u Yerning yagona tabiiy yoʻldoshi hisoblanadi. Osmonda yorqinligi boʻyicha ikkichi jism (birinchisi Quyosh). Yerdan oʻrtacha 384 467 km masofada harakatlanadi», deydi Tal’at Ahunov.

Ekspertning qoʻshimcha qilishicha, Yer atrofida Oy 27,32166 davr bilan elliptik orbita boʻylab harakatlanadi.

Siderik davr degani — Yulduzlarga nisbatan qaysidir samoviy yoʻldosh jism asosiy jismning atrofida toʻliq aylana bajargan vaqt oraligʻi. Bu Oyning Yer atrofida aylanishining haqiqiy davri. Ammo Oyni biz aylanayotgan Yerdan kuzatganimiz uchun uning koʻrinma davri biroz kattalashadi va 29,530588 kunni tashkil qiladi.

«Bundan tashqari, Yer oʻz oʻqi atrofida aylanish davri va Oyning ham shu aylanishi davrlari bir-biriga yaqin boʻlgani sababli biz Oyning faqat bir tomonini koʻramiz. Oyning boshqa tomoni faqat kosmik apparatlar yordamida kuzatilgan», aniqlik kiritadi professor.

Oy missiyasi boʻyicha tadqiqotlar

Oyni oʻzlashtirish hozirgi kunda dolzarb masalaga aylanmoqda. Chunki buni amalga oshirish uchun texnologiyalar yetarli darajada. Yildan-yilga yangi missiyalar va dasturlar ishlab chiqilmoqda, oʻz fikrlari bilan boʻlishadi Tal’at Ahunov.

«Bunga nafaqat Rossiya va Xitoy, balki AQSH, Yevropa, Hindiston ham koʻz tikishmoqda. Chunki Oydagi boyliklar birinchi boʻlganniki boʻladi. Bunday imkoniyati bor har bir mamlakat va jamiyat texnologik rivojlanishdan qolib ketmasligi uchun bunday dasturni ishlab chiqishi kerak va Oyni oʻzlashtirishda faol qatnashishi lozim», deb yakunlaydi professor.

Oʻzbekiston koinotni oʻrganish uchun nima qilmoqda

2019-yilda prezident farmoni bilan respublikada «Oʻzbekoksmos» agentligi paydo boʻldi, biroq uning faoliyati Oyni emas, koʻproq Yerni oʻrganishga qaratilgan.

Agentlik tomonidan qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligi, yer munosabatlari, geologiya va ekologiya sohalariga oid ma’lumotlarni saqlash, boshqarish va tahlil qilish uchun 10 dan ortiq geoplatformalar yaratildi.

«Oʻrmon xoʻjaligi sohasida oʻrmon bilan qoplangan maydonlar aniqlanib, yashil ekinlarni sonini koʻpaytirish zarur boʻlgan hududlarni belgilash, oʻrmonlarning holati va ularning degradatsiyasini oldini olish imkoni yaratildi», deb aytdi «Kursiv»ga «Oʻzbekkosmos» vakili.

Uning soʻzlariga koʻra, yer munosabatlari sohasida ehtimoli yuqori boʻlgan oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar, geologiya sohasida noqonuniy qazib olish holatlari, ekologiya sohasida noqonuniy chiqindixonalar va chiqindi poligonidan tashqariga chiqish holatlarini aniqlash ishlari samarali amalga oshirilmoqda.

«Oʻzbekkosmos» matbuot xizmatining ma’lumotlariga koʻra, xalqaro kosmik hamjamiyat bilan hamkorlik aloqalari kengaytirilib, mustahkamlanmoqda. Jumladan, tashkilot Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF), BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qoʻmitasi (COPUOS) a’zosi hisoblanadi va MDH Davlatlararo kosmik kengashi, Turkiy Davlatlar Tashkiloti kosmik agentliklari rahbarlarining kengashi va BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi Hukumatlararo Maslahat qoʻmitasi faoliyatida qatnashib kelmoqda.

Agentlik faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida ilm-fanni rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini joriy etish, kosmik sohada infratuzilma yaratish va rivojlantirishdir.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda koinot haqida muhokamalar boʻlib oʻtganini e’lon qilgan edi.