«AVO Bank» notoʻgʻri reklama tarqatgani uchun jarimaga tortildi
Raqobat qoʻmitasi notoʻgʻri reklama tarqatgani uchun «AVO Bank» AJni moliyaviy jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita o‘z sahifasida xabar berdi.
Unga ko‘ra, bank veb-saytidagi «AVO bonuslari» sahifasi orqali taqdim etilgan reklama axborotlarida «250 000 soʻm Har bir yangi mijozga», «+250 000 soʻm Sizga va Avoning har bir yangi mijoziga», «Hisobingizga 250 000 soʻm olish» va «Kartaga 250 000 soʻm olish» kabi e’tiborni tortuvchi reklamalar joylangan. Aslida esa ushbu 250 ming soʻmni olish murakkab jarayonlarni talab qilishi, shunda ham mijozga 250 ming soʻm naqd pul emas, bank mobil ilovasi orqali bonus ballari koʻrinishida berilishi aniqlangan.
Shuningdek, «AVO Bank» AJning rasmiy veb-saytida «AVO Oʻzbekistondagi eng qulay mobil bank» mazmunidagi reklama, bank tomonidan har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 soʻmga teng boʻlgan bonus ballari taqdim etilishi mazmunidagi reklamalar ham aniqlangan. Yana «AVO platinum kredit kartasi – har qanday xarid uchun 0% stavka» hamda «AVO platinum kredit kartasi – 2 millionga xarid qilib, 2 million qaytarish» kabi so‘zlar qo‘llanilgan. Ammo bankka tegishli «AVO Platinum» faqatgina 45 kun davomida foizsiz ishlashi, karta mablag‘i ishlatilganidan 45 kun o‘tib mazkur pul mablagʻlariga ma’lum kredit foizlari qo‘yilishi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Ipoteka-bank» ham reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgan edi.