Yangiliklar

Bakalavriyat va magistratura uchun davlat granti tasdiqlandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qo‘shimcha takliflar kiritdi
Foto: Pixabay.com

Prezident «2024/2025-oʻquv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida»gi farmoyishni qabul qildi. Bu haqda Huquqiy axborot rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Unga koʻra, kelayotgan oʻquv yilida davlat OTMiga bakalavriyatning kunduzgi ta’lim shakli uchun 34 838 nafar, magistratura uchun 9 365 nafar etib belgilandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bir hafta muddatda Davlat komissiyasiga respublikamizdagi xorijiy OTM filiali va nodavlat OTM uchun ajratilgan 1200 ta, xotin-qizlar uchun esa 2000 ta davlat granti taqsimoti yuzasidan taklif kiritdi. Taklifda shuningdek, oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yoʻnalishlarida o‘qimoqchi bo‘lgan xorijdagi yoshlarimiz uchun 30 ta davlat granti ajratish ham nazarda tutilgan.

Qayd etish joizki, davlat OTMlariga kirishda toʻplaydigan baliga qoʻshimcha ball beriladigan imtiyozga ega abituriyentlar ushbu oʻquv yilida yoʻnalishi boʻyicha belgilangan oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplasalar, ballariga qarab davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha kvota bilan talabalikka qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etilishi haqida yozgan edik.