Madaniyat vaziri reklama qilgan doʻkon jarimaga tortildi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov reklama qilgan doʻkon jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi boʻyicha «Boutique» MCHJ «Reklama toʻgʻrisidagi» Qonunning 16-moddasini, ya’ni reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganini koʻrsatish boʻyicha taqiq talablarini buzgan deb topdi.
Natijada ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Maxsus komissiya tomonidan ishni koʻrib chiqish jarayonida Madaniyat vazirining reklamada ishtirokini reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatida ishtirok etganligining alomatlari aniqlanmadi.
Ozodbek Nazarbekov tomonidan reklamani oʻz shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmaganligi «Reklama toʻgʻrisida»gi Qonuniga asosan reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi.
Eslatib oʻtamiz, iyul oyi boshida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov kiyimlar doʻkonini reklama qilgan edi.
Avvalroq «Kursiv» Raqobat qoʻmitasi «Lukoyl»ni narxlarni manipulyatsiya qilishda aybdor deb topgani haqida xabar bergan edi.