Oʻzbekistonda eng koʻp qaysi avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum boʻldi
Oʻzbekiston avtomobil ishlab chiqarish sanoatida 2024-yilning yanvar – iyun oylarida 190 786 dona yengil avtomobillar ishlab chiqarildi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida ma’lum qilindi.
Jami 177 982 dona yengil avtomobil va 12 804 dona maxsus yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.
Yarim yil ichida mamlakatda 72 948 dona Cobalt (2023-yil mos davridagidan 47,5 foiz koʻp) ishlab chiqarildi va avtomobil bir necha yildan beri son jihatdan eng yuqori pogʻonani egallab kelmoqda.
Mazkur davrda 38 953 dona Damas (oʻtgan yil mos davridagidan 11,5 foiz koʻp), 21 497 dona Tracker (42,6 foizga ortdi), 17 432 dona Onix (55,3 foizga ortdi), 12 635 dona Lacetti-Gentra (65,9 foizga kamaydi) ishlab chiqarildi.
Shuningdek, yanvar – iyun oylarida 9 270 dona Kia (21,6 foiz oshdi), 4160 dona Chery (0,1 foizga kamaydi), 95 dona Exeed, 542 dona Haval va 12 804 dona maxsus avtomobillari ishlab chiqarilgan.
Eslatib oʻtamiz, iyul oyida Oʻzbekiston avtomobil bozori 13,6 foizga kamaydi.
Avvalroq «Kursiv» 26,7 mingta Cobalt avtomobiliga onlayn shartnomalar tuzilgani haqida xabar bergan edi.