Toshkent viloyatida 1,2 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning ferma aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari Toshkent viloyati Qibray tumani «Guliston» MFY hududida yashovchi fuqaro oʻz uyida mayning qurilmalaridan noqonuniy foydalanganini aniqladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga koʻra, fuqaro sakkizta toʻplamdagi mayning qurilmalarini qonunga xilof ravishda umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulab, davlatga 1,2 mlrd soʻm zarar yetkazgan.
Yana bir holat Yuqori Chirchiq tumani «Sultonravot» MFY hududida yashovchi fuqaro qonunga xilof ravishda mayning faoliyati bilan shugʻullanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 50,7 mln soʻm zarar yetkazgani aniqlandi.
Avvalroq «Kursiv» Yangihayot tumanida noqonuniy mayning ferma 751,6 mln soʻmlik zarar keltirgani haqida xabar bergan edi.