O‘zbekistonda yarim yil ichida ishbilarmonlik faolligi oshdi
Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyati joriy yilning 6 oyi davomida oʻsish dinamikasini koʻrsatmoqda. Monitoring natijalari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan e’lon qilindi.
Kompleks monitoring davomida Bojxona va Soliq qoʻmitalari, Markaziy bank va OʻzR tovar-xomashyo birjasidan ma’lumotlar olingan.
2024-yilning 6 oyida respublika boʻylab soliq tushumlari hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12,5 foizga oʻsdi.
Asosiy soliq manbalari boʻyicha ham sezilarli oʻsish kuzatildi. Daromad soligʻi 18 foizga, mol-mulk soligʻi 38 foizga, yer soligʻi 31 foizga oshdi.
Bojxona tushumlari ham sezilarli o‘sish tendensiyasini koʻrsatdi. Yarim yil ichida 18,5 foizga koʻtarildi. Ushbu oʻsish transport vositalari va ularning butlovchi qismlari, texnik jihozlar, metallar va metall buyumlar, elektrotexnika va butlovchi qismlar boʻyicha import hajmining oshishi natijasida boʻldi.
Joriy yil boshidan buyon mahsulot eksporti hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshdi. Eksportning eng katta oʻsishi Surxondaryo viloyatida – 58,8 foizga, Navoiy viloyatida – 55,1 foizga, Qashqadaryo viloyatida – 38,1 foizga, shuningdek, Qoraqalpogʻistonda – 31,3 foizga.
Tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi ham 9,5 foizga oshdi. Kredit berish boʻyicha Toshkent shahri peshqadam (19,5 foiz), Navoiy viloyatida 18,6 foiz va Toshkent viloyatida 14,5 foizga oʻsishni koʻrsatdi.
Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan shartnomalar hajmi 32,4 foizga oʻsish suratini koʻrsatdi. Birja faolligi Qoraqalpogʻistonda 2,2 barobar oshdi, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa 2 barobarga.
Ushbu hududlarda bitimlar hajmining oshishiga paxta tolasi, texnik chigit, qurilish va maishiy materiallar, dizel yoqilgʻisi, avtomobil benzini, bugʻdoy, mineral oʻgʻitlar va boshqa mahsulotlarni sotish hajmining oshishi hisobiga erishildi.
Oʻzbekistonda 41,4 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilgani qayd etildi. Roʻyxatga olinganlar soni boʻyicha yetakchilar qatorida Toshkent shahri (8,2 ming), Samarqand viloyati (4 mingga yaqin) va Xorazm viloyati (3,5 ming).
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning ishbilarmonlik faolligi yuqori boʻlgan hududlari aniqlanganini e’lon qilgan edi.