O‘zbekistonda voleybolni rivojlantirish maqsadida musobaqalar o‘tkaziladi. Bu haqda respublika prezidenti qarori imzolandi, deb yozadi Huquqiy axborot.
Unga koʻra, 2025-yildan OTM talabalari, professional ta’lim hamda maktab oʻquvchilari orasida «Volleyball stars» Oʻzbekiston kubogi o‘tkaziladi. Maktablarning yuqori sinf oʻquvchilari orasida esa 3 bosqichli Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi kubogi tashkil etiladi.
Shuningdek, vazirlik va idoralarda ishlovchi xodimlar oʻrtasida ham 3 bosqichli «Yangi Oʻzbekiston» respublika musobaqasi tashkil qilib boriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun voleybol bo‘yicha para musobaqalar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, 2 yilda bir marotaba Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyaning a’zo mamlakatlari orasida «Buyuk Ipak yoʻli» xalqaro turniri tashkil qilinadi.
Qayd etish mumkinki, Voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatining faoliyat boshlashi belgilab olindi. Mazkur maktab-internat Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘rnida qad rostlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Davlat sport akademiyasi ochilishi haqida xabar qoldirgan edik.