Turkiya kompaniyasi Toshkent viloyatida qiymati $30 millionlik oltin qazib olish zavodini quradi
Toshkent viloyati Piskent tumanida Turkiya kompaniyasi qiymati $30 millionga teng boʻlgan kon ishlari va oltin qazib olish zavodini quradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tuman hokimligi mutasaddilari Turkiya safari vaqtida oltin qazib olish va konchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi «ORE MINING CONSTRUCTION TRADING» kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishgan.
Uchrashuv davomida Turkiya kompaniyasi hamda Piskent tumanidagi kon ishlari va oltin qazib olish boʻyicha faoliyat yuritayotgan «MULTINATIONAL MINE GROUP» MChJ oʻrtasida $30 millionlik hamkorlik memorandumi imzolandi.
Avvalroq «Kursiv» Turkiya kompaniyasi Oʻzbekistonda poyabzal ishlab chiqarish uchun $2 mln sarmoya kiritishi haqida xabar bergan edi.