Yil boshidan buyon O‘zbekiston korxonalarida baxtsiz hodisalar tufayli 400 dan ortiq ishchilar jarohat oldi
O‘zbekistonda so‘nggi olti oyda 416 kishi ish joyida tan jarohati oldi – 303 nafari og‘ir, 12 nafari yengil tan jarohati oldi, 101 nafar xodim halok bo‘ldi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sudlar jabrlanuvchilar va ularning oila a’zolariga tovon undirish bo‘yicha 823 mln so‘mdan ortiq da’volarni ko‘rib chiqmoqda.
Shu davrda davlat mehnat inspektorlari tomonidan 7,7 ming tekshirish o‘tkazilib, 21,4 ming qonunbuzarlik aniqlangan. 4,3 ming nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
254 nafar qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan xodimlar ish joyiga qaytdi, 7,3 ming nafar ishchiga jami 31 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi berildi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan 16 ta majburiy mehnat holati aniqlangan. Natijada 135 nafar ishchining huquqlari tiklandi, 13 nafar mansabdor shaxs ma’muriy jarimaga tortildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan qurilish ishlari hajmi 79,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 10,1 foizga ko‘pdir.