Oʻzbekistonda 1-avgustdan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi
«Kursiv» 2024-yil 1-avgustdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi oʻzgarishlar roʻyxatini jamlab chiqdi. Ma’lumotlar Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Avtomobil raqamlari tasodifiy tanlash yoʻli bilan beriladi
Oddiy davlat raqamlari «Davlat raqam belgilari» moduli orqali tasodifiy tarzda tasodifiy tanlash yoʻli bilan beriladi.
Ayrim yer uchastkalari kimoshdi savdosiga qoʻyiladi
Tuman va shaharlarda zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va xizmat koʻrsatish obyektlari, jumladan, turarjoy binolari hamda savdo-koʻngilochar markazlarini qurish uchun yer uchastkalari bosh rejalarga muvofiq kimoshdi savdosiga qoʻyiladi.
Talabalar turarjoyiga joylashish uchun onlayn arizalar qabul qilish boshlanadi
2024/2025-oʻquv yilidan boshlab barcha talabalar davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turarjoylariga onlayn tarzda qabul qilish boshlanadi. Shu bilan birga, yotoqxonaga joylashtirish uchun arizalar 1-avgustdan oʻquv yili oxirigacha qabul qilinadi.
Qoraqalpogʻistonda biznes-forum boʻlib oʻtadi
2024-yil avgust oyida Qoraqalpogʻistonda xalqaro biznes-forum oʻtkazish, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan hamkorlikda investorlarni jalb etish, joriy yil oxiriga qadar esa yirik xorijiy ishlab chiqarish kompaniyalari brendlarini «Qoraqalpogʻistonda biznes qiling» dasturiga jalb qilish koʻzda tutilgan.
Tibbiy chiqindilardan energiya ishlab chiqariladi
Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil boʻladigan tibbiyot chiqindilari toʻliq hajmda «Sayar Green» kompaniyasiga topshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan samokat haydovchilari jarimaga tortilishi haqida xabar bergan edi.