Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish hajmi $1 mlrdga yetkaziladi
2025-yil oxiriga qadar O‘zbekistonda qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarning yillik ishlab chiqarish hajmi $1 mlrdga, eksport koʻrsatkichi esa $100 mlnga yetkaziladi. Prezident «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonni qabul qildi.
Belgilangan maqsadlarga yangi chora-tadbirlar orqali erishish rejalashtirilmoqda. Farmonga ko‘ra, 2026-yilgacha poytaxtda ikkita, Buxoro va Namangan viloyatlarida bittadan tadbirkorlar uchun barcha infratuzilmaga ega zargarlik markazlari barpo etiladi.
2025-yil 1-yanvar sanasigacha zargarlik markazi tashkil qilish uchun davlat koʻchmas mulk obyektlarini yaxlit mulk sifatida yoki lotlarga ajratilgan shaklda tijorat banklari va tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijaraga beriladi yoki mulk huquqiga muvofiq ravishda, boʻlib-boʻlib toʻlash evaziga realizatsiya qilinadi.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchilarga mazkur markazlardagi qimmatbaho metallarni 90 kun ichida to‘langan toʻlovlar qismiga foizsiz, 91-kundan 180-kungacha amalga oshirilgan toʻlovlar uchun esa yillik 3 % bilan bo‘lib to‘lashga beriladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar «Olmaliq KMK» AJ va «Navoiy KMK» AJ zarur qimmatbaho metallar ta’minotini to‘xtovsiz amalga oshiradi.
2024-yil 1-sentabr sanasidan «Oʻzbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo affinaj korxonalariga «Olmaliq KMK» va «Navoiy KMK»dan bevosita shartnoma bilan oldindan 100 % toʻlovga qimmatbaho metallar sotib olish va ushbu buyumlarga o‘zgartirish kiritib boshqa zargarlarga sotish huquqi taqdim etiladi.
Zargarlar yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarining boshqa zargarlarga realizatsiya qilishlariga ruxsat beriladi.
2024-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrgacha muddatda ligatura mahsulotlarini import qilishdagi litsenziya olish sharti ham bekor qilinadi.
Oʻzbekistonga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlariga qo‘yilgan boj bekor qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» respublikada zargarlik sanoati qanday rivojlanayotgani haqida yozgan edi.