Aprel oyidan beri bo‘sh ish o‘rinlari e’lonlari soni ikki barobardan ko‘proq kamaydi
O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat ichki bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari dinamikasini o‘rgandi. Bu haqda MB boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aprel oyida kuzatilgan yuqori koʻrsatkichlardan keyin may-iyun oylarida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha eʼlonlarda kamayish kuzatilgan. Bunga asosiy sabablardan biri mavsumiy o‘zgarishlardir. Ya’ni yoz mavsumida ba’zi sohalarda ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Boshqa bir sababi esa mehnat bozorida ishchilarga boʻlgan talabdagi muvozanatlashuv, deya izohlangan.
Raqamlarga murojaat qilsak, onlayn vakansiyalar soni joriy yilning aprel oyida 45 mingtani tashkil etgan. Iyun oyiga kelib ushbu ko‘rsatkich 20 mingtaga tushib ketgan.
Shuningdek, internet orqali ish qidirayotganlar soni yil boshidan buyon pasayishdan to‘xtamadi. Ushbu ko‘rsatkich avvalgi yillarning mos davriga qaraganda ham pastligi aniqlangan.
Avvalroq «Kursiv» respublikadagi o‘rtacha ish haqi haqida yozgan edi.