Yangiliklar

«BYD Uzbekistan Factory» Sergelidagi omborlarda shikastlangan avtomobillarni ta’mirlab, sotuvga qo‘ydi

Jiddiy shikastlangan ikkita avtomobil utilizatsiya qilinadi
Rasm: BYD Telegram-kanali

2023-yilda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborlarda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida shikastlangan BYD rusumli avtomashinalar ta’mirlanib, chegirma bilan sotuvga chiqarildi. Bu haqda BYD Uzbekistan matbuot xizmati xabar berdi.

«BYD Uzbekistan Factory» qo‘shma korxonasi huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan ichki tekshirish ishlari yakunlangach og‘ir shikastlangan ikkita avtomashinani utilizatsiya qilish uchun omborga jo‘natdi. Yengil shikastlangan avtomashinalar esa ta’mirlanib sotiladi.

Shu munosabat bilan, kompaniya transport vositalirini ta’mirlash uchun aprel oyida tender e’lon qilgan edi.

«Ta’kidlash joiz, barcha ta’mirlangan avtomobillar ishlab chiqaruvchi tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazildi. Ushbu avtomobillar tizim korxonalarining ichki ehtiyojlari uchun va shuningdek, shu korxonalarning xodimlari oʻrtasida ta’mirlash ishlari toʻgʻrisida toʻliq ma’lumot berilgandan soʻng zavod kafolati saqlangan holda chegirmali narxlarda sotilmoqda», deyiladi xabarda.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistondagi BYD zavodi yangi modellarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalarini e’lon qilgan edi.