BYD yangilangan Song Plus DM-i mashinasini taqdim etdi
BYD’ning mashhur modelida yangilanishlar bo‘ldi. Bu haqda Avtostrada ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, BYD’ning Song Plus DM-I mashinasining yangi rangi, Head Up displey, DiPilot avtopilot tizimi va yangi multimedia tizimi taqdim qilindi. Tashqi tomondan esa chiroqlar va yukxonadagi BYD logotipi yoritgichlisiga o‘zgartirildi.
Bundan tashqari, avtomobilning g‘ildirak diskalari yangilandi, orqadagi osma tirgaklar ham to‘rt richaglisiga yangilandi.
O‘lchamlar o‘zgarishsiz qolmoqda. Jumladan, uzunligi 4775 mm, kengligi 1890 mm va balandligi 1670 mm, g‘ildirak asosi 2765 mmni tashkil qiladi.
Song Plus DM-I salon interyeri o‘zgarmagan, ammo an’anaviy uslubda ishlangan yangi ranglar gammasiga ega bo‘ldi. Oq va fil suyagi ranglari uyg‘unligi mashina saloni ko‘rinishiga yengil ruh bag‘ishlagani asosiy o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.
Shu bilan birga, yuqori ekran, 50 Vt simsiz telefonni quvvatlagich va DiLink 100 operatsion tizimini o‘z ichiga oladigan yangi jihozlar ham bor. Top versiyalarda 10 karnayli Infinity Surround Sound tizimi va DiPilot haydovchiga yordam tizimini qo‘shgan.
Yangi modelning asosiy farqi DM 5.0 gibrid quvvat blokidadir. U 100 ot kuchiga ega bo‘lib, 1,5 litrli dvigatelga asoslanadi, bu avvalgi versiyadagi dvigatel quvvatidan (110 ot kuchi) bir oz kamroq. Biroq yangi modeldagi elektrodvigatel hozirgi versiyaga qaraganda 15 kVt kuchliroq, uning maksimal quvvati 160 kVt. O‘zbekistonda Song Plus Xitoy komponentlaridan yig‘ilganini hisobga olsak, yangilangan model mahalliy bozorda paydo bo‘lishiga vaqt kerak bo‘ladi.
Xitoyda 112 km Honor $21 550, 160 km flagman $22 950 va 160 km Flagship Plus $24 300 narxlarda qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektromobillar uchun bojlarni qaytarishni taklif qilingani haqida yozgan edik.