Farg‘onadagi ayrim hududlarni sel bosdi
Joriy yilning 25-iyulida Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida yoqqan kuchli yomg‘ir va do‘l tufayli hududda favqulotda vaziyat yuzaga keldi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Unga ko‘ra, tumandagi Shohimardon mahallasidagi Qurkul sel yo‘lidan 15:30 da 1,5-2 m3/s sel oqib o‘tdi. Aholi yashash joyiga zarar yetmadi.
Aynan shu vaqtda Shohimardon qishlog‘idagi tog‘-adirliklarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida 4-5 m3/s sel oqimi yuzaga keldi. Buning natijasida qishloqdagi vrachlik punkt hovlisi va 4 ta aholi yashaydigan xonadon hududini qum-shag‘alga to‘ldirdi.
Shuningdek, yana shu vaqtda Tumanning Yordon mahallasidagi Bukan sel yo‘lida 1,5-2 m3/s sel oqimi yuzaga kelgan. Sel o‘z oqimida o‘tib ketgan, undan hech kim zarar ko‘rmagan,
Ushbu hududlarda FVV xodimlari tozalash ishlarini olib borishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston Qirgʻizistonning seldan zarar koʻrgan hududiga gumanitar yordam ko‘rsatgani haqida xabar bergan edik.