O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) tender savdolarini o‘tkazishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 10-iyun kuni YHXX tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasini buzgan holda yo‘l belgilari uchun bo‘yoq va shisha buyumlar xarid qilish bo‘yicha 26,5 mlrd so‘mlik tender o‘tkazilgan.
Raqobat qo‘mitasi tender natijalarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Mazkur huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi AVO bankni noto‘g‘ri reklama uchun jarimaga tortgan edi.