Oʻzbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
25 va 26-iyul kunlari energotizim bo‘yicha mutlaq tarixiy rekord yangilandi
Foto: KPixMining / depositphotos.com

Oʻzbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, respublikada kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga boʻlgan talab hafta davomida 16,5 mln kVt/soat yoki oʻrtacha 7,1 foiz oshdi.

25-iyul kuni soat 15:47 da havo harorati +39,7 darajada (Toshkent shahrida) Oʻzbekiston energotizimida iste’mol quvvati 11 822 MVtni tashkil qildi. Mazkur koʻrsatkich yoz davri uchun tarixdagi absolyut rekord boʻlib, 2023 yil 28 iyulda (+40 daraja) qayd etilgan eng yuqori iste’molga nisbatan 343 MVt koʻp boʻldi.

Shuningdek, 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi iste’moli 253,3 mln kVt/soatni tashkil etib, 2023-yil 28-iyul kungi yozgi maksimal iste’moldan 0,9 mln kVt/soat koʻp boʻldi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, anomal harorat fonida havo va kabel elektr uzatish liniyalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati pasayishi sababli poytaxtning alohida elektr tarmoq xoʻjalik obyektlarida (soat 11:00 dan 17:00 gacha) oʻta kuchli yuklanishlar qayd etildi.

«Mazkur holat tizimli avariyalarning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik va poytaxt iste’molchilarning tartibsiz ommaviy uzilishlarini oldini olish maqsadida, Toshkent shahar iste’molchilariga qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar kiritishni talab etdi», deyiladi xabarda.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent shahrida elektr tizimida avariya yuz bergani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek