Oʻzbekistonda Chevrolet Lacetti avtomobilini ishlab chiqarish toʻxtatildi – video
26-iyul kuni Asakadagi «UzAuto Motors» zavodida soʻnggi Lacetti (Gentra) sedani ishlab chiqarildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu Asaka zavodida ishlab chiqarilgan 487 104-Lacetti boʻldi. U tarixda soʻnggi Lacetti boʻlib muhrlandi.
2013-yildan ishlab chiqarilishi boshlangan Chevrolet Lacetti ilk yillarda 11 222 dona ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 89 565 donaga yetdi.
«Oʻtgan 10 yil davomida u koʻplab avtomobil ixlosmandlari uchun ishonchli va qulay avtomobil boʻlib xalq avtomobiliga aylanib ulgurdi», deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda joriy yilning yanvar – iyun oylarida 12 635 dona Lacetti avtomobili ishlab chiqarildi.
Avvalroq «Kursiv» Lacetti avtomobilini ishlab chiqarish noma’lum muddatgacha davom etishi haqida xabar bergan edi.