Oʻzbekiston mehnat bozorida 2024-yilning II choragida boʻsh ish oʻrinlarining oylik oʻrtacha soni 35,7 ming birlikni tashkil etib, I chorak koʻrsatkichlariga nisbatan 3 foizga kamaydi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, iyun oyida boʻsh ish oʻrinlari sonining kamayishi mavsumiy, jumladan, oʻquv yilining tugashi va ta’til mavsumining boshlanishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Shuningdek, onlayn kuzatish natijalariga koʻra, II chorakda ish qidirish uchun ochiq veb-resurslarga tashrif buyuruvchilar bilan birga koʻrishlar soni ham pasaygan.
Davlat soliq qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, II chorakda yakka tartibdagi tadbirkorlar soni I chorakka nisbatan 23 mingtaga yoki 8,8 foizga oshib, 287 ming kishini tashkil etdi. Yuqori oʻsish maishiy xizmat koʻrsatish sohasida (+21,3 foiz) qayd etilgan boʻlib, chakana savdo sohasida tadbirkorlar sonining oʻsishi biroz sekinlashgan.
Aprel – iyun oylarida ish haqining yillik nominal oʻsish sur’ati 17,4 foizgacha, real oʻsish sur’ati esa 7,7 foizgacha sekinlashdi. Biroq joriy yil koʻrsatkichlarida oʻtgan yilgi indeksatsiya ta’sirining saqlanib qolishi va oʻrtacha yillik inflyatsiyaning nisbatan pastligi tufayli ish haqining oʻsish sur’ati biroz yuqoriligicha qolmoqda.
Xizmat koʻrsatish sohalari, xususan, savdo (+24,6 foiz), transport (+20,6 foiz), aloqa va axborotlashtirish (+23,2 foiz) sohalarida ish haqi jadal oʻsishda davom etmoqda.
Mehnat resurslariga tashqi talab ortib borayotgan boʻlib, mavjud boʻlgan soʻnggi ma’lumotlarga koʻra, aprel – iyun oylarida 3,6 mingta yangi boʻsh xorijiy ish oʻrinlari e’lon qilingan. Bundan tashqari, Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniya va Shveysariyadan ma’lum malakaga ega ishchilar uchun boʻsh ish oʻrinlari taklifi kengaymoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston mehnat bozorida malakali kadrlar yetishmasligi haqida xabar bergan edi.