O‘zbekistonda tug‘ilganlar soni 3,3 foizga kamaydi
2024-yilning ilk uch oyida orqaga keta boshlagan tug‘ilish darajasi ikkinchi chorakda ham davom etgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumot berdi.
Joriy yilning olti oyida respublikada 421,9 ming chaqaloq dunyoga keldi. Taqqoslash uchun: 2023-yilning shu davrida – 436,5 ming. Bu joriy yilda tug‘ilganlar soni 3,3 foizga kamayganini anglatadi.
O‘zbekistonning doimiy aholisi 37 134,2 ming kishini tashkil qilgan (2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra). Bu 2023-yilning mos davriga nisbatan aholi 2,1 %, ya’ni 761,8 ming nafarga ko‘paygan deganidir.
Joriy yilning yarmiga kelib O‘zbekistonga 1080 kishi ko‘chib kelgan bo‘lsa, 5066 kishi xorijga ko‘chib ketgan.
Shuningdek, eng yuqori tugʻilish koeffitsiyentiga 26,2 promille bilan Surxondaryo egalik qilmoqda. Poytaxt Toshkentda tugʻilish 38 790 dan 33 305 nafargacha pastlagan.
Yil yarmigacha tugʻilgan chaqaloqlarning 48 % qismi qizlarni tashkil qilgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 48,1 % da turgan.
Yana bir ma’lumot, O‘zbekistonda nikohlar sonining kamayishi fonida ajralishlar ham pasayib borgan. Yarim yillikda oʻtgan yilning birinchi yarmiga nisbatan ajralishlar soni qariyb 3 mingtaga kamaygan. Bunga ajralishlarga nisbatan ma’muriy va byurokratik toʻsiqlar mashinasi ishga tushgani ham sabab bo‘lishi mumkin.
Aholi orasida nikohlanuvchilarning oʻrtacha yoshi ayollar uchun 22,9 yosh (-0,4), erkaklar uchun 27,8 yosh (-0,1) ga yangilangan. Shu bilan birga, 20 yoshgacha nikohlanuvchi ayol-qizlar umumiy turmush qurganlarning 17,1 % qismini tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning birinchi yarmida 14,7 % ni tashkil qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nikoh va ajrimga doir statistikalar haqida xabar qoldirgan edik.