Yangiliklar

Samarqand va Navoiyda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Samarqand va Navoiyda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Oqdaryo tumanida fuqaro boshqa ikki fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Angliyaga ishga yuborishni va’da qilib, evaziga $4,5 ming firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan. Tadbir davomida 1,2 mln soʻm va $700 qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, yana bir holatda fuqaro 47 nafar fuqaroni chet davlatlarga ishga yuborishi evaziga jami $37,2 mingni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.

Navoiy viloyatida ham fuqaro boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni Janubiy Koreya davlatiga yashash va ishlash uchun joʻnatishi hamda viza hujjatlarini tayyorlab berishi evaziga firibgarlik yoʻli bilan $4 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Samarqandda ikki fuqaroni AQSHga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlangani haqida xabar bergan edi.