Zeekr MDH mamlakatlariga norasmiy olib kirilgan avtomobillarni bloklaydi
Zeekr Xitoydan tashqaridagi MDH davlatlariga norasmiy kirgan mashinalari dasturiy ta’minotini masofadan turib bloklaydi. Bu haqda Tengriavto nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, kompaniya shu yo‘l bilan rasmiy dilerlarni qo‘llab-quvvatlamoqchi. Bu esa Zeekr mashinalarini faqat rasmiy dilerlardan olish lozimligini anglatadi.
«15-iyuldan keyin konveyerdan chiqqan Zeekr avtomobillari, agar Xitoydan tashqarida topilsa yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan ruxsat etilmagan SIM-kartalardan foydalanilsa, ogohlantirish bildirishnomalarini oladi. Agar bunga e’tibor berilmasa, ekran funksiyasi o‘chiriladi va foydalanuvchidan yordam uchun Zeekr bilan bog‘lanish so‘raladi», dedi Zeekr International.
«Zeekr International» vakili omma orasida tarqalgan ushbu ma’lumotlarni tasdiqladi, ammo gap faqat 2024-yil 15-iyuldan keyin konveyerdan chiqqan Zeekr avtomobillari haqida ketayotganiga aniqlik kiritdi. Ya’ni allaqachon MDH mamlakatlariga kirgan mashinalar bloklanmaydi.
Qo‘shimcha qilamizki, Zeekr’ning MDH davlatlaridagi rasmiy distribyutori va vakili cheklangan ekran funksiyalari bilan bog‘liq vaziyatni hal qilishda yordam bera olmaydi.
Avvalroq «Kursiv» BYD yangilangan Song Plus DM-i avtomobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.