30-iyul kuni «Air Samarkand» Saudiya Arabistonining Jidda shahriga ilk parvozini amalga oshirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Kursiv»ga xabar berdi.
Samolyot Samarqanddan 188 nafar yo‘lovchini olib soat 00:05 da havoga ko‘tarilib, mahalliy vaqt bilan 03:10 da Jidda shahriga qo‘ndi. Ushbu shaharga musulmonlar uchun muqaddas Makka va Madinaga yo‘l olgan ziyoratchilar yetib kelishadi. Shu kunning o‘zida Samarqanddan soat 15:00 da uchib, Jiddaga mahalliy vaqt bilan 18:20 da yetib keladigan yana bir reys rejalashtirilgan. Bundan buyon aviakompaniya har hafta seshanba kunlari ikkita reysni amalga oshiradi.
«Kompaniyamizning yangi reyslari Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi. Va biz barcha reyslarimizda yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashga intilamiz», dedi kompaniya bosh direktori Zafar Butayev.
Joriy yilning avgust oyidan «Air Samarkand» aviakompaniyasi Madinaga qatnovlarni Airbus A330 samolyotida amalga oshirishni rejalashtirgan. Parvozlar «EasyBooking» agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» «Air Samarkand» aviakompaniyasi birinchi xalqaro parvozini amalga oshirganini e’lon qilgan edi.