Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga ko‘ra «Tashabbusli budjet»da ba’zi o‘zgarishlar kutilmoqda. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Aholisi kam bo‘lgan mahallalarning g‘alaba qozonishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida doimiy g‘alaba qozonayotgan mahallalar (tashkilotlar) uchun tanaffus e’lon qilish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Qo‘l ostidagi ishchilarni majburlab ovoz yig‘ishning oldini olish uchun shu yo‘l bilan yutgan hududlar g‘oliblar ro‘yxatidan chiqariladi. Bundan tashqari, ovoz yig‘ish uchun muddat 10 kunga qisqartiriladi.
Shuningdek, xalq deputatlarining hududiy kengashlari ega bo‘lgan vakolatlarni kengaytirish uchun tuman yoki shahar budjeti hisobidan g‘olib bo‘lmagan loyihalar moliyalashtirish nazarda tutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlarni qamrab olgan hujjat loyihasi tasdiqlanishi uchun Oliy Majlis Senatiga taqdim etilgan va amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tashabbusli budjet» haqida batafsil yozgan edik.