Toshkentda novvoyxona biznesi qancha daromad keltiradi
Sizu biz kundalik hayotimizda tez-tez iste’mol qiladigan non mahsuloti novvoylarga qancha daromad keltiradi? 40 yillik mahalliy novvoy Abdulboqi Abdurasulov shu sohada to‘plagan tajribalari bilan bo‘lishdi.
– Tashqaridan qaragan odamga novvoychilik juda mushkul ishdek tuyuladi. Sizni novvoyxona ostonasiga ilk bor olib kelgan va qiyinchiliklarga qaramay 40 yil ushlab turgan sabab haqidagi hikoyangizni biz bilan bo‘lisha olasizmi?
– Yoshim 50 da, deyarli 40-yildan buyon novvoylik sohasida faoliyat yuritaman. Asli namanganlik bo‘lganim uchun bolaligim vodiyda o‘tgan. Yoshligimizda hozirgi kundagi turli xil to‘garaklar, sport o‘yinlari yoki o‘quv kurslari bo‘lmas edi. Ota-onamiz bizni band bo‘lsin, qolaversa, hunar o‘rgansin, ro‘zg‘orga foydasi tegsin, deb mahallamizdagi usta Sa’dulla novvoyga shogirdlikka bergan. Avvaliga ularning qistovi bilan novvoychilikni o‘rganishga borgan bo‘lsam, keyinchalik o‘zimda ham bu hunarga qiziqish, mehr paydo bo‘ldi. Mana 40 yildan buyon o‘sha mehr meni shu sohada ushlab turibdi.
– Novvoyxona biznesiga ilk qadamingiz.
– 11 yoshimda shu hunar egasiga shogirdlikka tushgan bo‘lsam, 5-yil soha sir-asrorlarini o‘rgandim. 16-17 yoshimda sheriklarim bilan mahallamizda ilk novvoyxonamizni ochdik. U paytlar hozirgi texnikalar yo‘q bo‘lgan. Bor mehnat qo‘lda bajarilar edi. Hozirgi davr bilan qiyoslaganda, nonlar hozir gazda pishirilsa, u paytlarda ko‘mirda pishirilar edi. Talab ham shuni taqozo qilar, odamlar gazda yopilgan nonni iste’mol qilmas edi. Vaqt o‘tishi bilan non tayyorlashda qo‘shiladigan mahsulotlar, ularning tarkibi, jarayonda foydalaniladigan texnikalar rivojlanib bordi. Avvallari qo‘lda qilinadigan 100 ta non pishirishga ketadigan vaqtga hozir 200 ta non pishirsa bo‘ladi. Bu borada texnikalarni qo‘llab-quvvatlayman – ishimizni yengillashtiradi, vaqtimizni tejaydi. Bu esa biznesdagi unumdorlikni oshiradi. Vaqt – pul albatta.
– Nega aynan novvoyxona biznesi?
– To‘g‘ri, avvaliga bu sohaga kirishim taqdir taqozosi bo‘ldi. Lekin ulg‘ayganim sari, ongli ravishda to‘g‘ri yo‘lda ekanligimni his qildim. Shuning uchun bu sohani mahkam ushladim, ham daromad manbayimga aylantirdim. Hozir esa nafaqat men, balki butun oilam bilan shu biznesni yuritamiz, oilaviy hunarga aylantirganmiz. Nonvoylik biznesidan 4 ta to‘y qildik, uylar qurdik, mashinalar oldik.
– Boshlash uchun nimalar kerak?
– Novvoyxona biznesini boshlash uchun eng avvalo non pishirish san’atini puxta o‘rganish lozim. Chunki mijozni siz pishirgan nonning shirin ta’mi yana oldingizga olib keladi. Mamnun mijozlar mahsulotingizni maqtagani sari yangidan yangi mijozlar oqimiga erishasiz. So‘ng, novvoyxona uchun kerakli jihozlar: tandir (1,5-2 mln), xamir qorgich (8-15 mln), xamir solish uchun chuqur idish (400-500 ming) va xamir yoyish uchun stol (600-700 ming), nonni taxlash uchun savatlar (150-200 ming), nonga ishlov beruvchi nonparlar (har biri 30-50 ming), non yopishtirgich va uzgich (100-300 ming) va bir necha mayda buyumlar (200-400 ming). Toshkent shahrida bitta novvoyxona uchun do‘kon ijara o‘rtacha $300 dan $500 gacha narxni tashkil qiladi (maydoni va joylashuviga qarab). Agar ta’mirtalab xona ijaraga olinsa, qo‘shimcha 400$-$600 atrofidagi pul sarf qilinishi mumkin.
– Siz qancha mablag‘ bilan boshlagansiz?
– Novvoyxona ochmoqchi bo‘lgan joyiga, sharoitiga va mavjud jihozlariga qarab hamma har xil summa bilan boshlaydi. Shaxsan men $1200 bilan boshlaganman. Bu pulni bir oyda chiqarib oldim. Ilk marta Toshkent shahrida 2019-yilda novvoyxona ochganman. Ijaraga olgan do‘konim avvalroq novvoyxonaga mo‘ljallangani, tandirlar, havo o‘tkazuvchi soyabonlar bilan jihozlangani uchun menga arzonga tushdi. Ammo buning evaziga bozordagi ijara narxidan qimmatroq to‘ladim. Hozirgacha shu narxda ijara to‘lovi va 2 mlndan ziyod kommunal to‘lovlari to‘layman.
– Novvoyxona biznesida joy qanchalik muhim?
– Bilasizmi, umumiy olgan bu biznesda joy juda muhim, lekin asosiy tarozi pallasi bunga tosh bosmaydi. Hozirgi novvoyxonam o‘rnida 2 oy boshqa novvoylar ish olib borgan. Ammo eplay olishmagan. Men ham aynan shu joydan ishni boshlab, davom ettirdim. Ko‘rib turganingizdek, kelib-ketuvchi mijozlarning o‘ziga kunlik 500 talab non sotamiz. Bu borada albatta shuni hisobga olish lozimki, bir biznesning rivojlanib ketishi uchun bir muddat sabr qilish, harakatdan to‘xtab qolmaslik kerak. Biznesda, xoh katta bo‘lsin, xoh kichik, «Mijozni o‘rgatish» degan tushuncha bor. Siz ochgan biznes o‘z mijozlarini o‘ziga o‘rgatib olishiga vaqt bering.
Asosiy javobga kelsak, novvoyxona biznesi albatta zich aholi turadigan joylarda yaxshi yurib ketadi. Yaqin yon-atrofda novvoyxona bo‘lmasa ishingiz yana ham besh! Yana bir jihat, turli tashkilot binolari, ofislardan ko‘ra mahalliy aholiga yaqinroq joylashgan hududni tanlang. Ko‘p qavatli uylar orasida bo‘lsa ayni muddao. Shuningdek, novvoyxonaning yo‘l yuzida joylashgani ham mijozlar oqimini chorlaydi. Mashinada, piyoda, xullas ishi, o‘qishidan qaytayotgan mijozlar yo‘lidan non chiqsa, olib uyiga kirib ketishiga qulay bo‘ladi. Novvoyxona oldida oziq-ovqat do‘koni bo‘lsa ham biznes rivojiga xizmat qiladi. Boshqa mahsulot uchun kelgan do‘kon mijozlari «Issiq non» bannerlari va tandirdan uzilgan nonlarni ko‘rib, quruq qo‘l bilan keta olmaydi.
– Novvoyxona biznesida raqobat qanday?
– Boshqa bizneslarda bo‘lgani kabi novvoyxona biznesida ham raqobat bor va kuchli. Ayniqsa, non shahri bo‘lmish Toshkentda! Poytaxtning deyarli har bir ko‘chasida novvoyxonalarni uchratishimiz mumkin. Bu men ham cho‘chitgan ochig‘i. Lekin novvoyxona biznesida asosiy raqib doim ham boshqa novvoyxona bo‘lavermaydi. Ba’zan do‘konlarning non sotishi ildizimizga bolta uradi. Ko‘p yillik nonvoyman, juda ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman, ulardagi novvoyxona biznesi bilan qiziqqanman. Eng qizig‘i, men bo‘lgan Yaqin Sharq davlatlarining hech birida do‘konlarga non sotishlari uchun ruxsat berilmagan ekan. Nonlar faqat novvoyxonalarda sotilar ekan. Bu raqobatni sog‘lomlashtiradi. Siz yoningizdagi oziq-ovqat do‘koni bilan emas, boshqa novvoyxona bilan raqobatga kirishasiz. Yana ham bu bozor. Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak!
– Oziq-ovqat do‘konlari bilan hamkorlik haqida nima ayta olasiz?
– Do‘konlarga non yetkazib berish novvoyxona biznesining ajralmas qismi. Lekin shaxsan men bu usuldan kam daromad topganman. Masalan, har bir nondan 1000 so‘m foyda qolsa, do‘kon egalari ularga arzonroq qilib berishimizni iltimos qiladilar. Bunda foyda ikkiga bo‘linadi. Uning ustiga, odatda do‘konlar olingan nonlarning to‘lovini kechroq beradilar. Bu esa kunlik aylanmaga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun, oziq-ovqat do‘konlari bilan hamkorlik qilishda e’tiborli bo‘lish, to‘g‘ri hamkor tanlash lozim, deb hisoblayman. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari bilan ham xuddi shunday.
– Mavsumning non bozoriga ta’siri qanday?
Biznes borki, u gullab-yashnaydigan va oqsab qoladigan mavsum bo‘ladi. Novvoyxona biznesida ham daromadning bir maromda borishida bir necha omillar ta’sir kuchiga ega. Odatda, O‘zbekistonning har bir hududida to‘y mavsumi boshlanishi bilan nonvoylarning «ketmoni uchadi». Bahor, kuz mavsumida to‘y va marosimlar ko‘payib ketishi hisobiga daromad ham ikki barobar ortadi.
– Novvoychilikning «plyus» va «minus»lari qanday?
– Ochig‘ini tan olaman, novvoyxona biznesini o‘ziga xos yaxshi va yomon tomonlari yetarli. Yaxshisini sanaydigan bo‘lsak, doimiy turg‘un daromad, bandlik, hunar egasi bo‘lish va xalqning xizmatida koriga yarash, deb bilaman. Kasbimdan nolimayman, ammo issiq tandirni oldiga kirib chiqish, kechalari bedor bo‘lib xamir tayyorlash, sahar quyoshdan oldin uyg‘onib, xalqimiz dasturxoniga nondek aziz ne’matni pishirish uchun yeng shimarish ko‘ringanidek oson emas.
– Ortgan yoki qolib ketgan mahsulotlar nima bo‘ladi?
– Avvalo juda kam hollarda non ortib qoladi. Chunki nonni issiq va yangi uzilganiga talab kuchli bo‘lgani uchun xamirni 15 kg dan bo‘lib-bo‘lib pishirib olamiz. Avvalgi partiya kam qoldi, degandan yangi xamir qorishni boshlaymiz. Mabodo non ortib qolsa ham tarqatiladi, yoki uyga olib ketiladi. Ba’zan mahsulot tarkibi buzilib, iste’molga yaroqsiz bo‘lib chiqsa ulardan chorvasiga yemak sifatida foydalanadigan odamlarga tan narxidan arzonroqqa sotib yuboramiz. Lekin tuzi kam yoki ko‘plik qilsa, yana bir xamir qorib tarkibidagi tuzini moslab, tenglab yuborgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan.
– Novvoyxona biznesida daromad qanday?
– Daromad yaxshi, hatto juda yaxshi, desa ham bo‘ladi. Og‘ir mehnatiga, issiq-sovug‘iga chidasa mo‘maygina pul ishlash mumkin bu biznesda. Bitta nondan o‘rtacha 1000-2000 ming so‘m sof foyda qoladi. Novvoyxonamizda kuniga 4 xildagi nondan o‘rtacha 500 tadan ko‘p sotiladi. Narxlari 4000 ming, 5000 ming va 8000 ming so‘mdan. Kunlik sof daromadimiz 800 mingdan 1 mln gacha boradi. Bu degani, bir oyda 24-30 mln pul ishlash mumkin. Agar siz novvoyxonada ishchi bo‘lib ishlasangiz, kunlik 200-300 ming so‘m miqdorida pul topishingiz mumkin. Daromadlar mavsum va boshqa tashqi hamda ichki sabablarga ko‘ra farq qilishi mumkin.