OTB Oʻzbekistonda moliya bozori va energetika sektorini qoʻllab-quvvatlash uchun $400 million ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonga moliya bozorlarini mustahkamlash hamda energetika sektorini rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun umumiy qiymati $400 million boʻlgan ikkita kreditni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shundan $300 mln miqdoridagi birinchi kredit Energetika sohasini isloh qilish dasturining 2-kichik dasturiga ajratiladi.
Qolgan $100 mln miqdoridagi ikkinchi kredit Moliya bozorlarini rivojlantirish dasturi 2-kichik dasturga qaratilgan. Ushbu kredit moliyaviy operatsiyalar va xizmatlar uchun muhitni yaxshilash, shuningdek, Oʻzbekistonda kapital va pul bozorlarini rivojlantirish boʻyicha talab va taklifni boshqarishga yoʻnaltiriladi.
«Ushbu kichik dastur doirasida qoʻllab-quvvatlanadigan asosiy tashabbuslar sirasiga kapital bozorini tartibga solish boʻyicha barcha vakolatlarni ixtisoslashtirilgan tartibga soluvchi organga berish, kapital bozori bilan bogʻliq barcha me’yoriy hujjatlarni birlashtiruvchi taklif etilayotgan qonun, shaffoflikni ta’minlash va oʻrganish imkonini berish uchun Internetda kompleks bozor ma’lumotlarini nashr etish va yashil, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun obligatsiyalarni chiqarishni va kapital bozoriga kirishni osonlashtirish uchun fintex uchun «tartibga solish qumdoni» rejimini qoʻllab-quvvatlovchi davlat qarzi toʻgʻrisidagi qonun», deyiladi OTB xabarida.
Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston OTBga 1995-yilda a’zo boʻlgan va oʻshandan beri bank mamlakatga $12.5 mlrd miqdorida qarz, grant va texnik koʻmak taqdim etgan.
Avvalroq «Kursiv» OTB homilador ayollarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash uchun Oʻzbekistonga $100 mln kredit ajratishi haqida xabar bergan edi.