Joriy yilning 1-avgustidan metan gaz narxi «zapravka»larda oshishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi. Buni aniqlash uchun «Kursiv» muxbiri bir necha Toshkent yoqilgʻi quyish shoxobchalariga (YQSh) telefon qildi.
Poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan «Dream Gas» zapravkasida narx oʻzgarmagan va bir kubometr 3750 soʻmdan sotilayotganini aytib oʻtdi kompaniya operatori.
Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlarida joylashgan «zapravka»larda ham narx oʻzgarishsiz qolgan.
Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida faoliyat yuritayotgan YQShʼda ham narxlar oʻsha-oʻsha.
Avtostrada sayti xabariga koʻra, 1-avgustdan respublika boʻylab metan gaz narxi 200-500 soʻmga qimmatlashgan va eng katta oʻsish Xorazm viloyatida (4250 soʻm) koʻrsatilgan.
Eslatib oʻtamiz, shu yilning 25-mayida Vazirlar Mahkamasi metan gazini maksimal chakana narxini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan edi. Qarorga muvofiq, gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida sotilayotgan tabiiy gazning chakana savdosining eng yuqori narxi bir kubometri uchun 3750 soʻm etib belgilangan edi va bunday narx 2024-yil 1-avgustgacha amal qilar edi.