Markaziy bank bitta toʻlov tizimi operatori hamda uchta toʻlov tashkilotining litsenziyasini bekor qildi
Oʻzbekiston Markaziy bankining joriy yil iyun oyidagi yigʻilishlarida 59 ta masala koʻrib chiqildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.
Unga koʻra, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 51 ta masalalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, bitta toʻlov tizimi operatori hamda uchta toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya chaqirib olindi.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid sakkizta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, mikromoliya tashkilotida oʻtkazilgan tekshirishlar natijasi ham muhokama qilindi.
Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining ustav fondi va tashkiliy-huquqiy shakliga qoʻyilgan talablarga rioya qilmaganligi uchun 13 ta toʻlov tizimlari operatorlari hamda toʻlov tashkilotlariga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Shuningdek, amalga oshirilgan nazorat tadbirlari davomida banklar tomonidan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaganligi uchun 20 ta tijorat banki ogohlantirildi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Markaziy banki bir oy ichida oltin zaxiralarini toʻqqiz tonnaga toʻldirgani haqida xabar bergan edi.