Mirziyoyev Oʻzbekiston temiryoʻlchilarini bayram bilan tabrikladi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev temir yoʻl transporti xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
«Temir yo‘l transportini yanada rivojlantirish, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish va ularning sifatini yaxshilash, muhim zamonaviy kommunikatsiya obyektlarini barpo etish bo‘yicha sizlar bilan birgalikda hali juda katta ishlarni amalga oshirishimiz zarur», deyiladi Mirziyoyev tabriknomasida.
Davlat rahbari so‘nggi paytlarda mamlakatimizda 3 ming kilometrdan ortiq temir yo‘l elektrlashtirilganini qo‘shimcha qildi. Buxoro – Urganch – Xiva va Miskin – Nukus yo‘nalishlarini elektrlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Toshkent – Buxoro – Xiva va Toshkent – Chirchiq – Hojikent yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Mirziyoyev sohaga raqamli texnologiyalar tobora koʻproq joriy etilayotgani yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va temir yoʻl uchastkalarini oʻtkazuvchanligini oshirish imkonini berayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda «Temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi. Ushbu bayram har yili avgust oyining birinchi yakshanbasida nishonlanadi.
Avvalroq «Kursiv» Nukusdan Qozog‘istonning Mangistau shahriga poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida e’lon qilgan edi.