Yangiliklar

Andijonda «Dunyo sadolari» festivaliga 6 mlrd so‘m sarflandi

Tadbir kunlari esa 8,5 mlrd so‘m daromad olingan
Rasm: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati

Andijon viloyatining Xonabod shahrida 29-iyuldan 31-iyulgacha bo‘lib o‘tgan «Dunyo sadolari» festivalida olti mlrd so‘m ishlatildi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Festivalda jahon va o‘zbek estradasi yulduzlari, jumladan, ruminiyalik mashhur san’atkor Inna, qozog‘istonlik Jah Khalib va Jony, Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov, Rayhon, Hamdam Sobirov va boshqalar ishtirok etishdi.

Viloyat hokimligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yetti oyida viloyatda tadbirkorlik subyektlaridan tushum 48 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Tadbir kunlari esa 8,5 mlrd so‘m daromad olingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2 baravarga oshdi.

Avvalroq «Kursiv» Andijondagi «Dunyo sadolari» festivaliga Eminem va Tarkan kelmasligi ma’lum boʻlganini e’lon qilgan edi.