Bangladeshda hukumatga qarshi namoyishlar chog‘ida 300 kishi halok bo‘ldi
Bangladeshda hukumatga qarshi namoyishlar chog‘ida 300 dan ortiq odamlar halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda France 24.
4-avgust holatiga ko‘ra 94 nafar qurbon qayd etilgan. Bu raqamlar politsiya, rasmiylar va shifokorlar ma’lumotlariga asoslangan. Namoyishlar 5-avgust kuni davom etishi kutilar ekan, Dakkada qo‘riqlash va bosh vazir idorasiga kirishni to‘sib qo‘yish uchun qo‘shin va politsiya safarbar etilgan.
Ommaviy norozilik namoyishlari iyul oyida talabalar namoyishlari bilan boshlandi va ular tezda butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Namoyishchilar 1971-yildagi Bangladesh uchun Mustaqillik urushi faxriylarining oila a’zolari uchun davlat ish joylarining 30 foizigacha bo‘lgan kvota tizimiga qarshi chiqishmoqda.
Talabalar bu tizimni adolatsiz deb hisoblaydi va hokimiyatni ishsizlik bo‘yicha harakatsizlikda ayblaydi. Namoyishchilar, shuningdek, bosh vazir Shayx Hasinaning iste’fosini talab qilmoqda.
4-avgust kuni hukumat tarafdorlari va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Har ikki tomon tayoq va pichoq, politsiya esa o‘qotar qurol ishlatgan. Mamlakatda mobil internetdan foydalanishga cheklovlar joriy etildi va komendantlik soati o‘rnatildi. Oxirgi bir necha hafta ichida 11 mingdan ortiq odamlar hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Armanistonda hukumatga qarshi protestlar bo‘lib o‘tgan edi. Ishtirokchilar bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qildi.