«Uzbekistan Airports» kompaniyasi Urganch aeroportini boshqarish boʻyicha tender e’lon qildi
«Uzbekistan Airports» kompaniyasi Urganch aeroportini DXSh modeli asosida modernizatsiya qilish va boshqarish boʻyicha tender e’lon qildi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
«Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati Urganch xalqaro aeroportini «Qurish-foydalanish-topshirish» (Build-Operate-Transfer, BOT) modelida amalga oshirish boʻyicha tanlovning birinchi bosqichini e’lon qildi.
Tenderda ishtirok etishni xohlagan kompaniyalar hujjatlarni topshirish qoidalari bilan uzairports.com rasmiy veb-saytida tanishishi mumkin. Birinchi bosqich arizalarini qabul qilish muddati joriy yilning 14-sentabr, Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha davom etadi.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda aeroportga 8 ta kompaniya muntazam va 40 ga yaqin kompaniyalar charter reyslarni amalga oshirib kelmoqda. 2023-yilda aeroport 590 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, 2024-yilda yoʻlovchini tashish 17 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» 2024-yilning birinchi yarimida Oʻzbekiston aeroportlari orqali yoʻlovchilar oqimi 36 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.