Yevropaga ishga yuborishini va’da qilgan MCHJ rahbari qo‘lga olindi
O‘zbekistonda Yevropaga ishga yuborishini va’da qilgan MCHJ rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
«Ch.g» MCHJ rahbari G‘.K. departamentning Chilonzor tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida ushlandi. Muqaddam sudlangan MCHJ rahbari fuqaro B.R. va boshqalarga soxta sertifikat va diplomlar orqali Yevropa mamlakatlariga ishga yuborish va’dasini bergan. Buning uchun esa B.R.dan $4,5 ming olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Tekshiruv davomida MCHJ rahbari xorijga ishlash uchun jo‘natish evaziga 25,8 mln so‘m miqdoridagi pulni fuqaro U.T. va boshqalardan olgani aniqlandi.
Shuningdek, u 5 nafar fuqaroga «H-W.» MCHJda turli kasblar bo‘yicha ta’lim olganini tasdiqlovchi soxta sertifikatlar tayyorlagani ham fosh bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand va Navoiyda ham shunday firibgarlar ushlangan edi.