O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning ulushi qancha
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIM dagi ulushi O‘zbekistonda 35,5 % ni tashkil etayorgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda AOKAda tashkil etilgan brifing mobaynida Statistika agentligi rahbari Bahodir Begalov Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
2024-yil 6-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Statistika agentligi tomonidan «O‘zbekistonda norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash natijalari» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda so‘zga chiqqan agentlik rahbari yashirin iqtisodiyotning YaIMdagi ulushini qo‘shni mamlakatlar, MDH va rivojlangan davlatlardagi ko‘rsatkichini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Qozog‘istonda ushbu ko‘rsatkich 35,8 %, Qirg‘izistonda 29,0 %, Tojikistonda 40,4 % ni tashkil qilmoqda. Rossiyada 36,5 % bo‘lsa, Ozarbayjonda 48,6 % da turibdi. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi rivojlangan davlatlarda juda past foizlarda. Jumladan, AQShda 5,7 %, Xitoyda 11,1 %, Yaponiyada 10,8 % va Buyuk Britaniyada 9,4 % ni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun, ushbu ko‘rsatkich 5 yillik kuzatuvlar asosida shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yashirin iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi qariyb 100 trln so‘mni tashkil etgani haqida yozgan edik.