Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, iyul oyida ko‘chmas mulk savdosi bo‘yicha 23 mingta bitim amalga oshirilgan. Bu iyun oyiga nisbatan 13,6 foizga ko‘p, iyunda bitimlar soni 20,2 mingtani tashkil etgan edi. Biroq 2023-yilning iyuliga nisbatan shartnomalar soni 7,4 foizga kamaydi.
Iyul oyida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning eng katta o‘sishi Sirdaryo (53 foiz), Jizzax (31,5 foiz) va Andijon (27 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Ayrim hududlarda uy-joy sotuvini umumiy oshishiga qaramasdan, yillik hisobda faollikning pasayishi kuzatildi. Eng sezilarli pasayish Buxoro (27,4 foiz), Toshkent (21 foiz) va Navoiy viloyatlarida (18 foizdan ortiq) qayd etildi.
2023-yilning iyuliga nisbatan ijara haqi 5,4 foizga tushdi. Eng ko‘p pasayish Yashnobod (deyarli 13 foiz), Yunusobod (11 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (9,1 foiz) tumanlarida bo‘ldi.
Respublikada ikkilamchi uy-joy narxlari iyun oyiga nisbatan 0,4 foizga oshdi. Yillik hisobda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 8,2 foizga oshdi. Ko‘chmas mulk narxining eng katta o‘sishi Xorazm (22,1 foiz), Buxoro (17,7 foiz), Qashqadaryo (13 foiz) va Toshkent (12,2 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida oy davomida ikkilamchi uy-joylar narxining 1,4 foiz darajasida o‘rtacha pasayishi kuzatildi, 2023-yil iyuliga nisbatan esa deyarli 6 foizga oshgani qayd etildi.
Narxlarning pasayishi poytaxtning Uchtepa (3,6 foiz), Mirobod (2,6 foiz), Yashnobod (2 foiz) va Olmazor (2 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Avvalroq «Kursiv» ko‘chmas mulk bozori iyun oyida pasaygani haqida e’lon qilgan edi.