Dastlabki 6 oy davomida O‘zbekistonda mikroqarz hamda mikrokredit berish deyarli 50 foizga oshdi. Bu haqdagi maʼlumotlar Markaziy bankning Statistik byulletenida eʼlon qilindi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida umumiy hisobda 26,8 trln so‘mlik mablag‘ mikroqarz hamda mikrokredit sifatida ajratildi. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davrida esa 18,03 trln so’mni tashkil etgan.
2023-yilning birinchi yarim yilligida mikrokredit hamda mikroqarz 2024-yilning mos davriga kelib umumiy hisobda 48,6 foizga o‘sgan.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmatov 2024-yilning yanvar oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mikrokreditlarning o‘sib borayotganini ta’kidlagan edi.
«Ha, mikrokreditlar haqiqatan ham sezilarli darajada o‘sib bormoqda. O‘tgan yili mikrokreditlarning kredit portfelidagi ulushi qariyb 26 foizni tashkil etdi. 2023-yil oxirida, menimcha, 33% ga yetdi», — dedi Nurmuratov.
Eslatib o‘tamiz, 5-avgust kuni vakolatli organ Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mikromoliyaviy banklar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qonunchilik loyihasi kiritilgan edi.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy bank tomonidan «Contact Finance» mikromoliya tashkilotiga litsenziya berilgani haqida xabar bergan edi.