Oy oxiriga qadar Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmini $10 milliardga yetkazish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi. Bu haqda O‘zR prezidenti Shavkat Mirziyoyev va QzR rahbari Qosim-Jomart To‘qayevning Oqo‘rda qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida kelishib olishdi.
Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi uchun $7 milliardlik yangi kelishuv va shartnomalar portfelini ishlab chiqdi.
Ular orasida energetika, transport va logistika, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida, hududlararo loyihalar bor.
Davlat rahbarlari Hududlar forumini ikki mamlakat Hududlar yetakchilari kengashiga aylantirish va birinchi yig‘ilishni kuzda Samarqandda o‘tkazishga kelishib oldilar.
Tomonlar Qambarota GES-1 va Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini jadallashtirish masalalarini muhokama qildi. Yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tuzadi.
O‘zR va QzR rahbarlari yoshlar siyosati va axborot masalalari sohasida yanada faol hamkorlik qilish va buning uchun dastur ishlab chiqishga qaror qildi.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari har ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti 7-avgust kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga kelgan edi.